O`zbekistonning
ilmiy saloxiyatini yuksaltirish, uning jahon ilmiy hamjamiyatidagi o`rnini mustahkamlash,
mintaqalarda fanni yanada rivojlantirish hamda iste'dodli va fidoiy olimlarni har
tomonlama qo`llab quvvatlash, yuqori intellektual muhit yaratishdagi milliy an'analarni
rivojlantirish, qadimda fan, ma'rifat va madaniyat olamining markazi hisoblangan, odamzot
tarixidagi ilk akademiyalardan bo`lmish Xorazm Ma'mun Akademiyasini qaytadan tashkil etish
maqsadida:
1.
Xorazm Ma'mun Akademiyasi - O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy
bo`limi Xiva shahrida tashkil etilsin.
Xorazm
Ma'mun Akademiyasining asosiy ilmiy va tashkiliy vazifalari quyidagilar deb belgilansin:
-
ilm-fan sohasidagi qadimgi ulug milliy meros asoslarida yuqori intellektual muhitni
yaratishdagi boy an'analarni tiklash va rivojlantirish, yosh is'tedodli olimlarni izlab
topish, ularni Akademiya faoliyatiga jalb etish va ilmiy ijodlarining samaradorligini
yuksaltirish;
-
qadimgi milliy ilm-fan sohasidagi boy merosni har tomonlama o`rganish va tahlil qilish,
tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot, biologiya va biotexnologiya sohalarida
fundamental izlanishlarni olib borish, zamonaviy ilmiy maktablar yaratish va fan
yutuqlarini amaliyotga tabiq etish;
-
mintaqada ilm-fan bilan bog`liq barcha ishlarni zamon talablari darajasida
muvofiqlashtirish;
-
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
-
Kadrlar tayyorlash bo`yicha milliy dasturni amalga oshirishda faol ishtirok etish,
uzluksiz ta'lim tizimi va fan o`rtasidagi uzviy, o`zaro manfaatli aloqalarni o`rnatish,
akademik litseylarda ilmiy pedagogik faoliyatni yuqori saviyada olib borish;
-
xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish.
2.
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (T. Jo`raev):
-
Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibida tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot,
biologiya yo`nalishlari bo`yicha ilmiy bo`linmalarni tashkil etsin, ikki xafta muddatda
Xorazm Ma'mun Akademiyasining tizilmasi va Ustavini tasdiqlasin;
- bir
oy muddatda Xorazm Ma'mun Akademiyasining asosiy ilmiy yo`nalishlari hamda ilmiy-tadqiqot
ishlarining dasturini ishlab chiqsin;
- bir
oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda Xorazm Ma'mun Akademiyasi shtat jadvalini,
ilmiy-tadqiqot ishlari hamda uning faoliyati bilan bog`liq sarf-harajarlarining hisobini
tayyorlasin;
- 1998
yilning birinchi choragida o`z Ustaviga muvofiq ustuvor ilmiy yo`nalishlar sohasida
samarali ishlayotgan olimlardan Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibiga saylov o`tkazsin.
3.
Xorazm Ma'mun Akademiyasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasining xaqiqiy
a'zolari
(akademiklari) ikki nafarga ko`paytirilsin.
4.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Sayfiddinov) Xorazm Ma'mun Akademiyasi ilmiy
izlanishlar va ilmiy-tashkiliy faoliyatini olib borishi uchun O`zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan sarf-harajatlar hisobiga muvofiq byudjetdan
mablag` ajratsin.
5.
O`zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo`mitasi (P.Habibullaev) 1998 va keyingi
yillardagi Xorazm Ma'mun akademiyasining ilmiy izlanishlari mavzularini Davlat
ilmiy-texnikaviy dasturlari tarkibida rejalashtirilsin.
6.
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi hamda
Xorazm viloyat xokimligi bilan birgalikda Xorazm Ma'mun akademiyasi va uning
bo`linmalariga iste'dodli yosh olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishni
ta'minlasinlar.
7.
Xorazm viloyat xokimligiga (I.Yusupov) bir oy muddatda Xorazm Ma'mun Akademiyasi uchun
ma'muriy bino ajratish, uni ta'mirlash, transport, aloqa va boshqa zarur jihozlar hamda
viloyatga taklif etilgan ilmiy xodimlarni uy-joy bilan ta'minlash yuklatilsin.
8.
Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston
Respublikasi
Prezidenti
I. KARIMOV
Toshkent
shahri, 1997 yil 11 noyabr
Ma'rifat
ro`znomasi 1997 yil 12 noyabr.