Akademiya tarixi
Home ]

 

IX-X ASRLARLARDA ILM-FAN VA MADANIYATNING RIVOJLANISHI

Markaziy Osiyo xalqlari uzoq tarixga egadir. Bu davrda u qadimgi Sug`d, Xorazm, Farg`ona. Usrushana, Chag`oniyon kabi o`lkalardan iborat bo`lib, G`arb bilan Sharq mamlakatlarini bog`lovchi “Ipak yo`li” markazida joylashgan va madaniy jihatdan ancha rivojlangan mintaqani tashkil etar edi.

VIII asr oxiri IX asr boshida xalifalikning markazi Bag`dodda ilm-fan rivojlandi, qadimgi yunon olimlari Platon (Aflotun), Aristotel (Arastu), Sokrat (Suqrot), Gippokrat (Buqrot), Galen (Jolinus), Yevklid (Iqlidus) kabilarning asarlari arab tiliga tarjima qilindi. Xristian va islom olimlari o`rtasida hamkorlik ishlari amalga oshirildi. Xalifa Xorun ar-Rashid o`limidan (813 yil), so`ng, uning o`g`li al-Ma'mun xalifa etib tayinlandi. U ilm-fan, madaniyatga qiziqqan odam bo`lib, unga qadar xalifalikning Markaziy Osiyo va Xuroson bo`yicha vakili sifatida Marvda (xarobalari hozirgi Mari yaqinida) hokimlik qilar edi. Otasining o`limidan so`ng xalifa sifatida Bag`dodga ko`chgach (819 y.), u yerda ilmiy Markaz tashkil etib, unga barcha musulmon o`lkalari, jumladan, Movarounnahrdan ham olimu fozillarni to`pladi. Bu markazda Movarounnahr, Xurosondan chiqqan Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg`oniy, Marvaziy, Marvarudiy, Javhariy kabi olimlar faoliyat ko`rsatib. Bag`dod ilmu madaniyatini, arab ilmini olamga mashhur qilishda ulkan hissa qo`shdilar. Bu ilmiy markaz tarixda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan mashhurdir.

Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat rivojida X asr oxiri XI asr boshida faoliyat ko`rsatgan Xorazmdagi shoh Ma'mun ibn Ma'mun Abul Abbos boshchiligidagi ilmiy jamoa – akademiya muhim rol o`ynadi.

Ma'mun I ning dahshatli, qonli harbiy voqealar, uzoq-uzoq mamlakatlarga qilingan yurishlar va murakkab siyosiy fitnalar bilan to`lib-toshgan podsholik davri tugagach, bir oz vaqt uning to`ng`ich o`g`li hukmronlik qiladi, shundan keyin Xorazm tarixida yorqin davr – Ma'mun I ning o`g`illaridan bo`lmish Ma'mun ibn Ma'munning davri boshlanadi. Bu haqda keyinroq batafsil ma'lumot beramiz.

“Bayt ul-hikma”dagi ilm-fan va ilmiy yo`nalishlar.

“Bayt ul-hikma”da asosan riyoziyot, tibbiyot, ilmi-nujum, jo`g`rofiya, astrologiya, handasa va shunga o`xshash boshqa fanlar o`rgatilgan. Olimlardan Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg`oniy, Javhariy, Sobit ibn Qurra, Abu Abdulla Muhammad ibn Yusuf Xorazmiy, al-Xo`jandiy, as-Sijiziy va boshqa olimlar ishlagan.

Ma'mun akademiyasining tashkil qilinishi.

Bag`dodda tashkil qilingan akademiya to`g`risida yuqorida aytib o`tgan edik. Nemis fan tarixchisi X.Zuter o`zining matematika va astronomiya tarixiga bag`ishlangan asarida IX-X asrlarda Bag`doddagi “Bayt ul-Hikma”da faoliyat olib borgan 500 dan ortiq olimlarning ro`yxatini keltiradi. Chex olimi Yu.Rushkaning tadqiqoticha, bu olimlarning aksariyati Xorazm, Farg`ona, Shosh va xurosonlik bo`lgan. Bu “aksariyat”ning ham deyarli uchdan ikki kismini xorazmliklar tashkil qilgan. Shunisi diqqatga sazovorki, mashhur arab geografi Ibn Xavkal o`zining “Yo`llar va mamlakatlar” nomli X asr birinchi choragida yozilgan asarida Xorazm mintaqasiga ta'rif berayotib, Xorazm aholisining ilmga chanqoqligi va zukkoligi haqida ham aytib o`tadi va “Hozir Bag`dodda xorazmlik shogirdi bo`lmagan birorta qozi, faqix yoki ilm-ma'rifatga aloqador shaxs yo`q”, - deb yozadi.

Shubhasiz, al-Ma'mun “Bayt ul-Hikma”sining shuhrati tez orada xalifalikning barcha yerlariga yetadi. IX asr oxiri X asr boshlarida xalifalikdan mustaqillikka erishgan hududlarning hukmdorlari yo an'ana sifatida, yoki al-Ma'munga taqlid qilib, o`z saroylarida ma'rifat ahlini to`plashga urinadilar. Lekin bu urinishlarning ko`pi muvaffaqiyatsiz bo`lib chiqadi. Faqat ba'zi hollarda feodal saroylarida shoirlar va muarrixlar to`planib, ular asosan maddohlik bilan mashg`ul bo`lganlar.

Bu borada Xorazmning hukmronlari – Xorazmshohlar alohida o`rin tutadi. Xorazmda, uning qadimiy poytaxti Katda (hozirgi Beruniy) 305 yildan to 995 yilgacha afrigiylar hukm suradi. Lekin 712 yildan boshlab Xorazmning ikkinchi qadimgi shahri Gurganch (Ko`hna Urganch) arablar tomonidan qo`yilgan amirning qarorgohi vazifasini bajaradi. Bu amirlar alohida Iroqiylar sulolasini tashkil qildi. Ikkala sulola ham Xorazmshohlarning qadimgi odati bo`yicha o`z saroylarida maslahatgo`y sifatida islomgacha zardushtiylik koxinlarini, islom davrida esa obro`li olimlarni saqlab turardilar.

995 yili Gurganch amiri Ma'mun I ibn Muhammad ibn Iroq Afrigiylar sulolasiga barham beradi va poytaxtni Gurganchga ko`chirib, o`zini Xorazmshoh deb e'lon qiladi. Aftidan, bu sulola almashinishi Xorazmdagi siyosiy barqarorlikka putur yetkazgan ko`rinadi, chunki ba'zi olimlar, jumladan Iroqiylarga xayrixoh bo`lgan Beruniy ham Xorazmni tark etishga majbur bo`ladilar. 998 yili Ma'mun I vafot etib, Ali ibn Ma'mun taxtga o`tirganidan keyin Xorazmdagi siyosiy ahvol barqarorlashadi. To`la ishonish mumkinki, uning otasiyoq Gurganchga Xorazmning barcha ilmiy salohiyatini mujassamlashtirishga uringan. Lekin uning vafoti bunga imkon bermadi. Bu ishni uning o`g`li Ali ibn Ma'mun sharaf bilan bajardi.

Ali ibn Ma'mun ana shunday og`ir siyosiy muhitda dono va zukko maslahatchilarga muxtoj edi. Uning baxtiga tog`asi Abu Nasr ibn Iroq o`z davrining o`ta bilimdon olim edi. U tirikligidayoq “o`z davrining Ptolemeyi” degan laqabni olgandi. Undan tashqari Abu Nasr, Beruniyni o`z xonadonida tarbiyalab, yetishtirgan. Ana shu ikki siymo tufayli Iroqiylar saroyida ilm ahli uchun ideal sharoit yaratiladi. Bu ikki shaxs yaqin va o`rta sharqdagi ko`plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada edilar. Buning ustiga X asr oxiriga kelib Somoniylar sulolasiga barham beriladi. Ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan 1004 yildan boshlab Nishopur, Balx va Buxorodan va hatto arab Iroqidan ham olimlar Gurganchga kela boshladilar. Shu tariqa Gurganchda “Dorul hikma va maorif” nomini olgan ilmiy muassasa to`la shakllanadi. Bu ilmiy muassasada xuddi Bag`doddagi “Bayt ul-Hikma”dagi kabi ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib boriladi. Beruniy keltirgan ma'lumotlarga ko`ra, bu muassasada suryon va yunon tillaridan ba'zi tarjimalar ham bajarilgan.

Ali ibn Ma'mun vafotidan keyin (1009) uning ukasi Ma'mun ibn Ma'mun xorazmshohlar taxtini egallaydi. U Beruniyni saroyga yaqinlashtiradi va o`ziga eng yaqin maslahatchi qilib oladi. Ma'mun akademiyasi faoliyati uchun yanada kattaroq imkoniyatlar ochiladi.

XVIII asrda frantsuz entsiklopedistlari xalifa al-Ma'mun haqidagi maqolalarida uning faoliyatini va Bag`doddagi “Bayt ul-Hikma”ning faoliyatini har tomonlama sinchkovlik bilan tahlil qilib, uning faoliyatini Afinadagi Platon Akademiyasiga juda o`xshashligini e'tirof etganlar va “Bayt ul-Hikma”ni “Al-Ma'mun akademiyasi” deb ataganlar.

XX asrda Abu Rayhon Beruniy ijodini o`rganish munosabati bilan Abul Abbos Ma'mun II atrofidagi ilmiy muassasa ham har tomonlama o`rganildi va bu muassasa ko`p tarafdan Bag`doddagi “Bayt ul-Hikma”ga o`xshashligi va u ham o`z davrining akademiyasi ekanligi isbotlandi va unga “Ma'mun akademiyasi” nomi berildi. Ko`pchilik olimlarning fikriga ko`ra, uning faoliyat ko`rsata boshlagan davri, ya'ni olimlar to`la yig`ilib, ilmiy izlanishlar olib borilgan davri 1004 yilga to`g`ri keladi.

Ko`hna Urganchdagi “Majlisi ulamo” shunchaki tashkil qilingan ilm dargohi bo`libgina qolmasdan, balki barcha ilmlar bilan shug`ullanuvchi akademiyalardan biri hisoblanadi. Ma'mun Akademiyasi 1004 yillarda tashkil qilingan. Bunga asos sifatida Abu Rayhon Beruniyni, Abu Ali ibn Sinoni bu dargohga kelgan yillardan hisoblab chiqarsa bo`ladi.

Ma'mun Akademiyasida ilmlarning turli sohalari bo`yicha shug`ullanishgan, jumladan, riyoziyot, handasa, ilmu-nujum, metereologiya, tibbiyot, geodeziya, geologiya, dehqonchili va h.k.lar.

Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat rivojida X asr oxiri XI asr boshida faoliyat ko`rsatgan Xorazmdagi Akademiya muhim rol o`ynadi. Barcha darbadar yurgan olimlarni bir joyga to`plab, ularni ilm bilan shug`ullanishga chorladi.

[ Akademiya tarixi ] Farmon ] Akademiya bugun ]

 

Home ]

 

Copyright © 2001 Umrbek

Webmaster: Umrbek Yusupov

Taklif va mulohazalaringizni kutamiz: mamun@dri.uz

Yangilangan vaqti: 25-08-2001

Hosted by uCoz