Farmon
Home ]

 

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

F A R M O N I

XORAZM MA'MUN AKADEMIYASINI QAYTADAN TASHKIL ETISH TO`G`RISIDA

 

O`zbekistonning ilmiy saloxiyatini yuksaltirish, uning jahon ilmiy hamjamiyatidagi o`rnini mustahkamlash, mintaqalarda fanni yanada rivojlantirish hamda iste'dodli va fidoiy olimlarni har tomonlama qo`llab quvvatlash, yuqori intellektual muhit yaratishdagi milliy an'analarni rivojlantirish, qadimda fan, ma'rifat va madaniyat olamining markazi hisoblangan, odamzot tarixidagi ilk akademiyalardan bo`lmish Xorazm Ma'mun Akademiyasini qaytadan tashkil etish maqsadida:

1. Xorazm Ma'mun Akademiyasi - O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo`limi Xiva shahrida tashkil etilsin.

Xorazm Ma'mun Akademiyasining asosiy ilmiy va tashkiliy vazifalari quyidagilar deb belgilansin:

- ilm-fan sohasidagi qadimgi ulug milliy meros asoslarida yuqori intellektual muhitni yaratishdagi boy an'analarni tiklash va rivojlantirish, yosh is'tedodli olimlarni izlab topish, ularni Akademiya faoliyatiga jalb etish va ilmiy ijodlarining samaradorligini yuksaltirish;

- qadimgi milliy ilm-fan sohasidagi boy merosni har tomonlama o`rganish va tahlil qilish, tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot, biologiya va biotexnologiya sohalarida fundamental izlanishlarni olib borish, zamonaviy ilmiy maktablar yaratish va fan yutuqlarini amaliyotga tabiq etish;

- mintaqada ilm-fan bilan bog`liq barcha ishlarni zamon talablari darajasida muvofiqlashtirish;

- oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

- Kadrlar tayyorlash bo`yicha milliy dasturni amalga oshirishda faol ishtirok etish, uzluksiz ta'lim tizimi va fan o`rtasidagi uzviy, o`zaro manfaatli aloqalarni o`rnatish, akademik litseylarda ilmiy pedagogik faoliyatni yuqori saviyada olib borish;

- xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish.

2. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (T. Jo`raev):

- Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibida tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot, biologiya yo`nalishlari bo`yicha ilmiy bo`linmalarni tashkil etsin, ikki xafta muddatda Xorazm Ma'mun Akademiyasining tizilmasi va Ustavini tasdiqlasin;

- bir oy muddatda Xorazm Ma'mun Akademiyasining asosiy ilmiy yo`nalishlari hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining dasturini ishlab chiqsin;

- bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda Xorazm Ma'mun Akademiyasi shtat jadvalini, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda uning faoliyati bilan bog`liq sarf-harajarlarining hisobini tayyorlasin;

- 1998 yilning birinchi choragida o`z Ustaviga muvofiq ustuvor ilmiy yo`nalishlar sohasida samarali ishlayotgan olimlardan Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibiga saylov o`tkazsin.

3. Xorazm Ma'mun Akademiyasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xaqiqiy

a'zolari (akademiklari) ikki nafarga ko`paytirilsin.

4. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Sayfiddinov) Xorazm Ma'mun Akademiyasi ilmiy izlanishlar va ilmiy-tashkiliy faoliyatini olib borishi uchun O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan sarf-harajatlar hisobiga muvofiq byudjetdan mablag` ajratsin.

5. O`zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo`mitasi (P.Habibullaev) 1998 va keyingi yillardagi Xorazm Ma'mun akademiyasining ilmiy izlanishlari mavzularini Davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari tarkibida rejalashtirilsin.

6. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xorazm viloyat xokimligi bilan birgalikda Xorazm Ma'mun akademiyasi va uning bo`linmalariga iste'dodli yosh olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishni ta'minlasinlar.

7. Xorazm viloyat xokimligiga (I.Yusupov) bir oy muddatda Xorazm Ma'mun Akademiyasi uchun ma'muriy bino ajratish, uni ta'mirlash, transport, aloqa va boshqa zarur jihozlar hamda viloyatga taklif etilgan ilmiy xodimlarni uy-joy bilan ta'minlash yuklatilsin.

8. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi

Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent shahri, 1997 yil 11 noyabr

Ma'rifat ro`znomasi 1997 yil 12 noyabr.

Akademiya tarixi ] [ Farmon ] Akademiya bugun ]

 

Home ]

 

Copyright © 2001 Umrbek

Webmaster: Umrbek Yusupov

Taklif va mulohazalaringizni kutamiz: mamun@dri.uz

Yangilangan vaqti: 25-08-2001

Hosted by uCoz